23.11.2019 1033

O‘zbek jurnalistikasi bugun og‘ir judolikka uchradi

O‘zbek jurnalistikasi bugun og‘ir judolikka uchradi. Matbuot nashrlarida ishlaydigan barcha jurnalistlarning ustozi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy olamdan o‘tdi. Qo‘liga qalam tutgan har bir ijodkor borki, ustozdan so‘zning yukini, mas’uliyatini zalvorini, qadrini, quvvatini o‘rgangan. Ayniqsa, ustoz to‘g‘riso‘zligi va halolligi bilan kattayu kichik jurnalistlar qalbida o‘zining betakror obrazini yaratgan edi.
Mahmud Sa’diy “Sharq yulduzi” ,“Guliston” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetasida adabiy xodim, bo‘lim muharriri bo‘lib ishlashi bilan birga hamisha jurnalistika fakulьtetlarida ham faoliyat olib bordi., So‘nggi vaqtlarda ham u “Ma’rifat” gazetasida ishlash bilan birga O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida talabalarga saboq berib,bo‘lg‘usi jurnalistlarga sohaning sir-asrorlarini o‘rgatdi. Kitob mutolaasi, kitobni sevish, matnni his qilish, tahrir borasida yoshlarga hamisha o‘zi ibrat bo‘ldi.
Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid edi. Bu yil hukumatimiz Ma’mud Sa’diyning ko‘p yillik mehnatini munosib taqdirlab “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlagandi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti jamoasi marhumni oila a’zolari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Bo'lishmoq: