O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O`zbekiston Yoshlar Ittifoqi boshlang`ich tashkiloti yetakchiligiga saylov o`tkazildi. Nomzodlarni saralash bir necha bosqichda bo`ldi. Ya`ni dastlab iqtidorli talabalar universitet prorektori, dekan va psixologi suhbatidan o`tishdi. Ular orasidan tanlab olingan to`rt nafar vakil o`z dasturlari bilan saylovda ishtirok etishdi. Tadbirni universitet prorektori Alisher Matyoqubov ochib berdi. Yunusobod tuman Yoshlar Ittifoqi boshlang`ich tashkiloti yetakchisi Ixtiyor Ziyodullayev so`zga chiqib, “Bugun siz chinakam yetakchi bo`la oladigan haqiqiy liderni saylashingiz lozim. U nafaqat sizning ta`lim muassasangiz, balki tumanimizning nufuzini himoya qiladi. Barchangiz birlashib harakat qilishingiz kerak. Shundagina har bir loyihaning samarasi bo`ladi,” – deya ta`kidladi. Shuningdek, Toshkent Davlat Axborot Texnologiyalari universitetining yoshlar yetakchisi Umidbek Abilov hamda “Qizlar bilan ishlash yo`nalishi” yetakchisi Husniya Salimova o`z faoliyatlari xususida qisqacha ma`lumot berishdi. Shundan so`ng nomzodlar besh daqiqalik taqdimot orqali saylovoldi dasturlari bilan talabalarni tanishtirishdi. Ushbu jarayonda jami 68 nafar saylovchi ishtirok etdi. Ular maxsus blyutenga o`zlari tanlagan nomzodni belgilab yashirin tarzda ovoz berishdi. So`ngra blyutenlar saylov natijalarini aniqlash uchun sanoq komissiyasiga topshirildi. Nihoyat, hayajonli daqiqalar boshlandi... Natijalarga ko`ra, Jo`raqulov Abror eng ko`p, ya`ni 22 ta ovoz to`plab O`zJOKU Yoshlar Ittifoqi boshlang`ich tashkiloti yetakchiligiga saylandi. Qolgan nomzodlar Zaripov Karim 21 ta , Ochilov Ro`ziqul 19 ta, Jo`raboyeva Sitora 6 ta ovoz oldi.
Umid qilamizki, yangi yetakchi Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi, universitet ma`muriyati hamda tengdoshlarining ishonchini, albatta, oqlaydi. Uning boshlanajak rahbarlik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Dilshodaxon Olimova