Bugun, 17-mart kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti dekani R.Rayimjonov, fakultet dekanining ma’naviyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari N.Usmonova hamda bir necha na’munali talabalardan iborat jamoa Toshkent tumanidagi 14-umumta’lim maktabida bo‘ldilar.
Maktabning faollar zalida bo‘lib o‘tgan “Kasbga yo‘naltirish” mavzusidagi uchrashuvda 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Bugungi kunda Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyati va tajribalaridan samarali foydalangan holda ilg‘or o`qitish uslublarini umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi ta’lim jarayoniga mos ravishda tatbiq etish muhim qadam hisoblanadi.
Shu bois, bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yuqori kurs talabalarining motivatsion fikrlari maktab o‘quvchilarining o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarida dadil qadam tashlashlariga turtki bo‘lsa ajabmas.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar e’tiboriga Universitet hayotiga oid videolavhalar, taqdimotlar havola etildi. Bundan tashqari, kirish imtihonlari va shu kabi muhim jihatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu hamkorlik 2020-2021-o‘quv yili mobaynida davom etadi.
Shuningdek, “Hayot saboqlari”, “Yosh olimlar kuni”, “Kafedralar soati” kabi mavzularda seminar-treninglar o‘tish, maktab o‘quvchilari o‘rtasida ona tili va adabiyoti, ingliz tili fanlari doirasida “OTM olimpiadasi”ni o‘tkazish hamda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga “OTM stipendiyasi”ni joriy etish kabilar hamkorlik dasturiga kiritilgan.
Sitora YO‘LCHIYEVA