Bundan roppa-rosa 1 yil avval, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgan edi. Oradan bir yilgina vaqt oʼtib bu universitet ikki yuzdan ortiq talaba, ellikga yaqin professor oʼqituvchisi va koʼplab jonkuyar ishchilarga ega katta tashkilotga aylandi!
Shu qisqa muddat davomida universitet koʼplab xalqaro taʼlim dargohlari bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼydi. Qanchadan qancha mazmunli suhbatlar, talaba yoshlar uchun qiziqarli boʼlgan uchrashuvlarni tashkillashtirdi. Hali qoʼliga diplom olib ulgurmagan boʼlsada, universitet talabalarini oʼzlari qiziqqan sohalar boʼyicha ishga joylashtirish, ularni hayotda va tanlagan sohalarida oʼz yoʼllarini topishlari uchun imkon darajasida barcha ishlarni amalga oshirdi. Tashabbuskor yoshlarning media loyihalarini ham moddiy, ham maʼnaviy qoʼllab quvvatlab, ular hayotga tatbiq etilishi uchun katta imkoniyatlarni taqdim etdi.
Mamlakatga erkin, hur fikrli jurnalist kadrlarni tayyorlab berish borasida koʼplab ishlarni amalga oshirdi. Bu yutuqlar bizga bildirilgan ishonchni oqlash, yelkamizdagi masʼuliyatli vazifani uddalashda, soha rivojiga munosib hisssa qoʼshish borasida tashlagan ilk qadamlarimizning kichik boʼlaklaridir. OʼzJOKU bundan keyin ham katta marralarni zabt etishda, soha boʼyicha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda jurnalistika rivojida oʼz soʼziga ega, alohida ahamiyatli dargoh boʼlish uchun harakatdan toʼxtamaydi va albatta, bildirilgan ishonchni oqlaydi!
Bugungi kun - universitetimizning 1 yillik tantanasi barchamizga muborak boʼlsin, azizlar!
Sherzodxon Qudratxodjayev