30.06.2023 436

O'zJOKU rektorining talaba-yoshlarga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli talaba-yoshlar!

Avvalo, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida ta’lim olayotgan barcha yoshlarni bugungi 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan shaxsan o‘zim nomimdan va universitet jamoasi nomidan chin dildan samimiy muborakbod etaman. Kasbiy va ijodiy faoliyatingizda har doim omad va zafarlar tilayman.
Bugungi kunda sohaga sizdek g‘ayratli va har qanday mavzuda erkin qalam tebrata oladigan yoshlar kerak. Shuni ham aytish kerakki, orangizda hammangiz eng iqtidorli talabalarsiz. Ko‘p ishlarga qodirsiz. Men bunga ishonaman.
Ma’lumki, 2017-yilning 30-iyun kuni muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi hamda ushbu sana O‘zbekiston Respublikasida “Yoshlar kuni” bayrami sifatida nishonlanishi yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yaqqol namunasi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, Respublikamizda yoshlarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Yil davomida turli darajadagi tadbirlar va tanlovlar tashkil etilyapti. Yangi iqtidor egalari kashf qilinyapti.
Bayram munosabati bilan Davlatimiz Rahbarining Farmoniga asosan   38 nafar yoshlar "Kelajak bunyodkori" medali bilan, tegishli Qaroriga asosan 28 nafar yigitlar esa "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Bu yoshlar orasida media sohasi vakillari borligidan ham xursandmiz.
Yoshlar deganda avvalo azm-shijoati yuksak bo‘lgan iste’dod egalarini tushunamiz. Aynan ularning barkamolligi va professionalligi yo‘lida O‘zJOKUda ham turli kitobxonlik tanlovlari, “Zakovat” intellektual bahslari, sport musobaqalari, turnirlar va albatta, soha mutaxassialri ishtirokidakasting va masterklasslar tashkil etib kelmoqdamiz. Men quvonch bilan ayta olamanki bugun bizning talabalarimiz o‘zbek mediasining barcha yo‘nalishlarida ijod qilyapti. Bu esa universitetimizning juda katta yutug‘i deb hisoblayman.
Bu bayram zamirida Yangi O‘zbekiston yoshlarining porloq kelajagiga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam. Jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdek umummilliy maqsadni amalga oshirish uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlari safarbar etilmoqda. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini, jumladan, saylov huquqini ta’minlash borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy asoslar yaratilgan. Barcha o‘g‘il-qizlarimizni Yoshlar kuni bilan samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Ilm o‘rganishdan, ko‘zlagan maqsadlaringiz sari dadil qadamlar tashlashdan charchamang!

Bo'lishmoq: