Bugun soat 16:30 dan boshlab Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Osiyo kubogi bahslaridan qaytayotgan Milliy terma jamoamizni kutib olish marosimi bo'lib o'tdi. Bu marosimda universitetimiz talabalari ham faol ishtirok etdik. Har bir futbolchi bilan uchrashib ulardan qisqacha ma'lumot olishga harakat qildik. Albatta, mag'lubiyat yomon narsa. Lekin keyingi g'alabalarni qo'lga kiritish uchun hozirgi mag'lubiyatni ham qabul qilishni o'rganish lozim. Bu narsani futbolchilarimiz ham yaxshi tushunishadi. "Albatta, Avstraliya kuchli raqib edi. Lekin yigitlar harakat qilishdi. To'pni uzatish, u bilan harakatlanish bo'yicha yigitlarda o'sish yuqori. Shu o'sishda davom etish kerak,"-- deydi sport sharxlovchisi Xayrulla Hamidov. Kursdoshimiz Abror Jo'raqulov Sardor Rashidovga ajoyib savol bilan murojaat qildi: "Portugaliyada o'zingizni ko'rsata olishingizga ishonasizmi?". Bu savolga, albatta, "harakat qilamiz" degan kutilgan javobni qabul qildik. Argentiynalik murabbiy Ektor Kuperning kayfiyati a'lo darajada. Kechagi matbuot anjumanida u shogirlari o'yinidan ancha qoniqish hosil qilganini aytib o'tgan edi. Qisqa vaqt ichida aniq futbol o'yinini tashkil eta olgan bu mutaxasis, o'ylaymizki, futbolchilarimizni jahon chempionati sari yetaklay oladi. Va biz ham bunga ishonamiz.