19.05.2021 870

O‘zJOKU talabasi xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining sirtqi bo‘limi, Bosma OAV jurnalistikasi yo‘nalishining 3-kurs talabasi Islom Asilbekov Qozog‘iston Respublikasining Nur-Sulton shahrida MDH davlatlari yosh olimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021” Xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida Jurnalistika yo‘nalishida ishtirok etib, Xalqaro hakamlar xulosasiga binoan birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi hamda OLTIN MEDAL bilan taqdirlandi.
Islom Asilbekov bugungi kunda universitetimizda ta’lim olish barobarida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida yetakchi mutaxassis lavozimida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Talabamizning bugungi kunga qadar 300 ga yaqin publisistik maqola va badiiy hikoyalari tuman, viloyat, respublika nashrlarida e’lon qilingan. 10 ga yaqin ilmiy-taqriziy, tezisli maqolalari Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya kabi davlatlarning xalqaro jurnal, konferensiya-monografiya to‘plamlarida chop etilgan.
Islom Asilbekov Qozog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan “Jahon iste’dodlari” uyushmasi va Qirg‘iziston Respublikasining “Qirg‘iz shoir-yozuvchilari” jamoat fondi a’zosidir. Qozog‘iston Respublikasining “Abay” nomidagi adabiy medali “Jahon iste’dodlari uyushmasining” (Qozog‘iston) “Елеулi енбегi ушiн” (“Muhim xizmatlari uchun”) medaliga ham sazovor bo‘lgan.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti jamoasi iqtidorli talabamiz Islom Asilbekovga universitetdagi o‘qishida doimo izlanishdan to‘xtamaslikka, ijodiy hamda ilmiy faoliyatida omad yo‘r bo‘lishini tilaydi.

Bo'lishmoq: