06.12.2021 745

O‘zJOKU talabasi Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Sirtqi bo‘lim, Bosma OAV jurnalistikasi yo‘nalishining 4-bosqich talabasi Abdubannob Mansurov O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi!

Iste’dodli yosh ijodkor Abdubannob Mansurov 1992-yil 28-mayda Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida tavallud topgan.

U Farg‘ona adabiyotiga ko‘p yillar oldin o‘z ovozi bilan kirib kelib, she’rdan-she’rga ulg‘ayib bordi. Ramz va timsollarga boy, ancha pishiq falsafaga ega ijod namunalarini o‘qir ekansiz, yoshlik va hayot hayratlariga yo‘g‘rilgan betakror tashbehlardan zavq olasiz, qalbingizga inja tuyg‘ular quyilib kelaveradi. Mana bir necha yildirki, uning Ona-Vatanga muhabbat va sadoqat, tabiat va inson uyg‘unligi mavzularidagi ko‘plab she’rlari mahalliy va markaziy matbuot sahifalarida muntazam e’lon qilinib kelinmoqda. 

U o‘zining qisqagina ijod yo‘li davomida umidli shoir sifatida tanilib ulgurdi. “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali, “Kelajak ovozi” mega tanlovlarining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi, kitoblari nashr etildi. 2007-yilda “Orzular chashmasi”, 2017-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Ko‘nglim xaritasi” nomli she’riy to‘plamlari chop etilib, o‘ziga xos uslub va badiiyati tufayli e’tiborga tushdi.

Abdubannob nazmda qalam tebratish barobarida jurnalistika sohasida ham samarali ishlab kelmoqda. Hozirda u Marg‘ilon shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Izlanuvchan, uzoq istiqbolni ko‘zlab olg‘a intilayotgan yosh shoir ishlash barobarida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida 4-bosqichda tahsil olmoqda.

Maqsadga erishish yo‘lida mehnat qilishdan tolmaydigan, o‘z so‘zi va ovoziga ega bo‘lgan ijodkorning o‘zbek she’riyatida erishajak ertangi yorug‘ istiqboliga umid bog‘laymiz.

Milliy adabiyotimizga Abdubannobday nigohi teran, mustaqil fikrli, so‘zni qadrlaydigan yoshlar albatta kerak. Maqsadida sobit, qat’iyatli, mehnatkash ijodkorning o‘zbek she’riyatida o‘z o‘rnini topishiga ishonamiz.

Bo'lishmoq: