12.03.2019 2411

O'zJOKUda Harbiy jurnalistika yo'nalishi taqdimoti

         Bahor - yangilanish va yasharish fasli. Bu ta`rif bejiz aytilmagan. Har yil bahor yurtimizga o`zgacha ruh bilan yangiliklarga boy tarzda kirib keladi. 2019-yilning ushbu fasli esa universitet uchun barakali boshlandi. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti  O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda 12-mart kuni soat 10:00da O`zbekistonda Harbiy jurnalistika kasbiy qayta tayyorlash kursi va 2019-2020-o'quv yilida Harbiy jurnalistika yo'nalishi ochilishining taqdimot bo`lib o`tdi.

 

         “Universitetimiz tashkil topganiga hali ko`p bo`lmadi. Biroq biz tarixiy deb baho beradigan sanalar talaygina. Bugungi kun ham endi ular qatoriga kirdi. Universitetning shakllanish jarayoni hali davom etmoqda. Bugun biz Harbiylar bilan birga shu soha haqida ma'lumot beradigan jurnalistlarni ham tayyorlaymiz. Bugun harbiy jurnalistlarga ehtiyoj katta. Chunki O`zbekiston armiyasi dunyo davlatlari reytingida yuqori o`rinda turadi. Biz tayyorlaydigan harbiy jurnalistlar esa mana shu armiyaning qudratini, Vatan himoyachilarining jasoratini xolisona namoyon qila oladigan kadrlar bo`lib yetishishiga ishonamiz” - deya taqdimotni ochib berdi  O`zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo`jayev.  

         O`zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha bosh boshqarma boshlig`i, polkovnik Akmal Qobulovich Ortiqov so`zga chiqib, “Harbiy soha hamda jurnalistika bir-biriga uzviy bog`liqdir, Armiya va xalq baliq bilan suvday bo`lishi kerak. Milliy armiyamiz bir yarim yil ichida 46-o`rindan 36-o`ringa chiqdi. Armiyasi yo`q davlatlar bor. Lekin jurnalistikaga ega bo`lmagan davlat mavjud emas. Ushbu tarixiy sana bilan barchangizni tabriklayman va universitet rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.  Harbiy jurnalistika o`quv kurslarining tashkil etilgani Mudofaa tizimidagi eng katta bosqich hisoblanadi”-deb so'zini yakunladi.

         Mudofaa vazirligi va O`zJOKU xodimlari o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektori Nozima Muratova ham Harbiy jurnalistika o`quv kursining tarkibi xususida ma`ruza qildi va mehmonlarga quyidagi ma'lumotlarni berdi:

         Harbiy jurnalistika yo`nalishi ikkita bosqichda amalga oshiriladi:

  • 4 yillik bakalavriat ta`lim yo`nalishi;
  • 4 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari.

        2019-2020 o`quv yilida Harbiy jurnalistika yo`nalishi bo`yicha 20 nafar talaba grant asosida o`qishga qabul qilinadi. Ularga harbiy yo`naltirilgan o`quv reja hamda jurnalistika sohasi bilan birgalikda harbiy bilim va ko`nikmalarni shakllantiruvchi o`quv dasturlari ishlab chiqilgan. O'qishni tamomlagan talabalarga Harbiy jurnalist diplomi beriladi. 

       4 oylik ya'ni 576 soatlik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida, asosan, jurnalistikaga bog`liq nazariy va amaliy mashg`ulotlar bilan birga harbiy sohaga yo`naltirilgan fanlar ham o`tiladi. O`quv jarayoniga jurnalistika sohasida ko`p yillik tajribaga ega professor-o`qituvchilar, harbiy sohaning yetakchi ofitserlari dars berishi rejalashtirilgan.

         Taqdimot so`ngida O`zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi hamda O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o`rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.

                                                                                                                                                                                  Dilshoda Olimova 

                                                                                                                                                                                  O'zJOKU talabasi

 

      

 

 

 

 

                                                            

Bo'lishmoq: