Joriy yilning 16-sentyabr kuni Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01 raqamli ilmiy Kengash qoshidagi Ilmiy Seminarda Jurnalistika ixtisosligi (10.00.09) boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun Xalilova Aziza Shamuxutovnaning “Yaponiya ommaviy axborot vositalarida madaniy-maʼrifiy va rekreativlik jurnalistikasining shakllanish va rivojlanish tendensiyasi” deb nomlangan dissertatsiyasi muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Bugun tezkor surʼatda rivojlanayotgan ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda qiziqarli, maʼrifiy-tarbiyaviy dasturlar sonining koʻpayishi maqsadga muvofiq. Oʻz navbatida shunday dasturlarga boy Yaponiya televideniyesi faoliyatini, jurnalistikasini oʻrganish, tajriba almashish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Sharqona mentalitet va madaniyatni oʻzida mujassamlashtirgan Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning tajribasini oʻrganishga asoslangan bir qancha ilmiy izlanishlar mavjud boʻlsa-da, Yaponiya ommaviy axborot vositalarida madaniy-maʼrifiy va rekreativlik jurnalistikasining shakllanish va rivojlanish tendensiyasi tadqiq qilingan birinchi ishlardan hisoblanadi.
Ilmiy seminarda ikkinchi tadqiqotchi Bozorova Maxzuna Alijon qizining dissertatsiya ishi “Освещение в прессе вопросов противодейтсвия торговле людьми: подходы, противоречия и решения” mavzusiga bagʻishlangan edi.
Migratsiya jarayonlarining globallashuvi natijasida odam savdosi boshqa mamlakatlar qatori Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi: mamlakatimiz odam savdosi qurbonlari kesishuvchi, ular almashinuvi amalga oshiriluvchi hudud hisoblanadi. Ushbu illatga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda traffiking holatlarini aniqlash, ularning oldini olishga oʻz hissalarini qoʻshmoqdalar. Ammo shu qatorda OAVning bu sohadagi huquqiy imkoniyatlari yetarlicha keng emas. Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonuning eski tahririda OAV fakatgina Ichki ishlar vazirligining ogohlantirish-profilaktika ishlarini oʻtkazish jarayoniga jalb etilishi koʻrsatilgan edi. Joriy yilning 18-avgustida rasmiy eʼlon qilingan Qonunning yangi tahririda ham OAV odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, odam savdosiga nisbatan jamiyatda murosasizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritishi mumkinligi taʼkidlangan. Aslida ushbu hujjat loyihasining 15, 17-moddalarida OAVga katta huquqiy imkoniyatlar berilishi koʻzda tutilgan edi (https://regulation.gov.uz/oz/document/7996). Unda koʻrsatilgan “OAV” soʻzini hozirda “davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek fuqarolar” egallaganni keng qamrovli, ammo Qonunning yangi tahririda OAVga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biridek emas, balki koʻmakchi (ikkilamchi) mexanizm sifatida qaralgan.