Kecha O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Talabalar press-klubi” inkubatsion co-working markazi va fotojurnalistika laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu markaz va laboratoriya O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ochilish marosimi avvalida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub raisi, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zga chiqib, tadbirga yig‘ilganlarni ushbu obyektlar o‘z faoliyatini boshlagani bilan qutlab, bu talabalar uchun yaratilgan juda yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek marosimda: “Huawei Tech Investment Tashkent” kompaniyasi vakillari, “IT-Park” jamoasi vakillari, taniqli o‘zbek foto ijodkorlari, foto muxbirlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Talabalar press-klubi” inkubatsion co-working markazi va fotojurnalistika laboratoriyasi talabalar uchun erkin, faol maydon sifatida tashkil etildi. Bu yerda talabalar mahalliy va xorijiy OАVlarga audiovizual, matn va foto formatidagi materiallarni kundalik ravishda tayyorlab borishadi. Shuningdek, markazda malakali mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari va debat klublar tashkil etilishi, talabalarning xorijiy tengdoshlari bilan onlayn va offlayn (konferensiyalar, seminar-treninglar) tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib turilishi rejalashtirilgan.
Universitetda allaqachon faoliyatini boshlagan zamonaviy tele va radio studiyalarga qo‘shimcha ravishda faol ishlashi kutilayotgan ushbu markaz va fotolaboratoriya ham talabalarda ijodkorlikni oshirish, ularga ijod uchun keng ko‘lamli sharoitlar yaratib berish va shu bilan birga jurnalistikamiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shish niyatida tashkil etildi.