22.12.2021 528

O‘zJOKUda Turkiya elchisi

Kecha, 21-dekabr O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar mehmon bo‘ldi.

Uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Janob elchi Turkiya va O‘zbekistonning diplomatik munosabatlari haqida fikr bildirar ekan, aynan O‘zbekistonga elchi etib tayinlanganidan bag‘oyatda shod ekanini, chunki bu mamlakat barcha turklar va turkiylarning ota yurtlari bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tdi. “Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar hozirgi kunda yuqori darajaga ko‘tarilgan bo‘lsada, asli bizning qardoshligimiz bir necha yuz yillar avvalga borib taqalishini hech birimiz unitmasligimiz lozim. Biz azaldan yaqinmiz, do‘stmiz, hamkormiz, aka-uka, dindosh, qardoshlarmiz!” - deydi Olgan Bekar.

Uchrashuv davomida universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja ham o‘zining Turkiya bilan bog‘liq xotiralari, ikki mamlakat munosabatlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, uchrashuvda talabalar elchi janoblaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tadbirni universitet professor-o‘qituvchilari ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim masalalari bo‘yicha tuzilgan kelishuvlar va ularni hayotga tatbiq etilishi, shu jumladan O‘zJOKU talabalari uchun ham muhim bo‘lgan ta’lim dasturlari borasidagi takliflari bilan yakunlashdi.

Uchrashuv so‘ngida mehmonga universitet tomonidan esdalik uchun o‘zbekona zar chopon sovg‘a qilindi.

Bo'lishmoq: