Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Tataristonning “Tatmedia” AJ filiali, “Syuyumbike” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Ramziya Kashapova mehmon bo‘ldi. Mehmon universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozima Muratova va boshqa mas’ullar tomonidan universitet kampusi bilan tanishtirildi. Talabalar uchun yaratilgan barcha qulayliklar, ayniqsa, Axborot Resurs markazi, telestudiya va radiostudiyalarning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirilgach, Ramziya Kashapova va talabalar o‘rtasida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Dars davomida “Syuyumbike” jurnali bosh redaktori mazkur jurnalning kelib chiqish tarixi va Tatariston OAV haqida yig‘ilganlarga bir qator ma’lumotlarni aytib o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi. Tashrif so‘ngida Ramziya Kashapova universitet bilan hamkorlik yuzasidan o‘z takliflarini bildirib, tashrifdan katta taassurot ila qaytayotganini izhor qildi.