Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining "Mediamarketing va reklama" hamda "Mediadizayn" yo‘nalishlariga qabul qilingan talabalar universitetga keldi. Universitet rahbariyati va taklif etilgan mehmonlar, mamlakatimizning yetakchi jurnalist va boshlovchilari, xususan Nilufar Umurzoqova, Nozima Vohidova va Ilhom Abdurahimovlar talablarni iliq kutib olib, ularga o‘z maslahat va tilaklarini bildirishdi.
Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev 1-kurs talabalariga jurnalistika naqadar mashaqqatli, mas’uliyatli kasb ekanini va shu bilan birga jurnalistikasiz hozirgi davrni tasavvur qilish imkonsizligini belgilab o'tdi. "O‘z ustingizda hamisha ishlang, hech qachon to‘xtab qolmang. Kerak bo‘lsa, baxslashing: agar siz haqiqatni gapirayotganligizni bilsangiz va faktlarga asoslansangiz", - dedi O‘zJOKU rektori.
Qolaversa, universitetimiz rektori va taklif etilgan media sohasi vakillarining barchasi biz qanday buyuk ota-bobolarimiz avlodi ekanligimizdan va ular bilan nafaqat faxrlanish, balki ularga munosib bo'lishimiz kerakligini ta’kidlashdi. Keyin esa, tantanali ravishda universitetimiz an’anasiga ko‘ra, 1-kurs talabalariga Sherzodxon Qudratxo‘jayev #meninguniversitetim nomli kalitni topshirdi.
Tadbirdan so‘ng, talabalar universitet bilan yaqindan tanishish va yangi bilimlarni o'zlashtirish uchun o‘z xonalariga yo‘l olishdi.