29.07.2021 477

Press klublar kengaymoqda!

Kuni kecha Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “TATU yoshlar press klubi” ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining investitsiyalar va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev, Xalqaro press klub raisi, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar tashrif buyurib press klub faoliyati uchun yaratilgan shart sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilib, jihozlangan ushbu press klubda Yaponiyaning eng oxirgi modeldagi kompyuter va montaj uskunlari o‘rnatilgan.

Zamonaviy va aynan press klub formatiga to‘liq uyg‘unlikda yaratilgan studiyada yig‘ilgan mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mezbonlardan javob olish bilan birgalikda yoshlar press klubiga o‘z professional takliflarini ham berib o‘tdilar.

Suhbat davomida Xalqaro press klub raisi ham so‘zga chiqib, yangi tashkil etilgan press klub haqida o‘zining iliq fikrlarini bildirib, hozirdanoq TATU press klubi bilan O‘zJOKU va XPK orasida kelishuv imzolashga va har jihatdan maslahat va ko‘mak berishga tayyor eknini ta’kidlab o‘tdi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetini ushbu professional studiyaning tashkil etilishi bilan qutlab, TATU press klubining kelajakdagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Bo'lishmoq: