O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti Odob-axloq komissiyasi bayonoti
2022-yilning 10-sentabr kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda joriy yilning 9-sentabr kuni universitet talabasi J.Mahmudov hamda universitet xodimlari U.Rustamov, X.Mirzayev, F.Ochilovlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik holati ko‘rib chiqildi. O‘rganishga ko‘ra, universitet xodimi X.Mirzayev talaba bilan o‘zaro qo‘pol muomala sababli shaxsiy tortishuvga borganligi ma’lum bo‘ldi. Vaziyat universitet profilaktika noziri H.Sodiqov tomonidan o‘rganib chiqilgan va shu kunning o‘zida tomonlar yarashuvi qarori qabul qilinib, masalaga yechim berilganligi aniqlandi.
Biroq, yarashuv qarori qabul qilinganiga qaramay, universitet ichki mehnat tartibi qoidalari buzilganligi yuzasidan chora ko‘rilishi lozim deb topildi.
Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi ya’ni, o‘z vakolati doirasidan tashqariga chiqqanligi sababli X.Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Boshqa xodimlar U.Rustamov va F.Ochilovga nisbatan hayfsan intizomiy chorasini qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, Universitet rahbariyatiga o‘z vaqtida xabar bermaganligi sababali profilaktika noziri kapitan H.Sodiqovga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi uchun tuman Ichki ishlar organiga tavsiya yuborildi.
Shuni yana bir bora ta’kidlaymizki, Universitet ma’muriyati ustoz-shogird an’analari, talabalar huquqini himoya qilish va jamoada o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarga qat’iy rioya qiladi.