O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov 69 yoshida vafot etdi. Sa’dulla Hakimov 1951-yil 25-mart sanasida Jizzax viloyatining Forish tumanida tavallud topgan.
1977-yili O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2002-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. O‘zbekistonda sosial ta’minot” jurnali mas’ul kotibi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi mas’ul kotibi, “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.
2016-yilning 29-dekabridan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.