29.09.2021 1307

Super kontrakt miqdori belgilandi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti abituriyentlari diqqatiga! Super kontrakt miqdorining amalda belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan tartibi belgilandi.

2021/2022-oʻquv yili qabul uchun tasdiqlangan “Respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi” baholash mezonlari oʻzgarganligi sababli, abituriyentlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida istisno tariqasida toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish chizigʻi chegarasigacha yetarli ball toʻplay olmagan abituriyentlarga tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini amalda belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilandi:

Toʻplagan ballari tasdiqlangan toʻlov-kontrakt boʻyicha qabul parametrlari chegarasiga:

1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;

2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;

3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.

 

 

Bunda, ushbu toifadagi abituriyentlar uchun toʻlov-kontraktning minimal miqdorlarini hisoblashda 2021/2022-oʻquv yilida tasdiqlangan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha bitta talabani toʻlov-kontrakt shaklida stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha oʻqitish qiymati qoʻllaniladi va koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) abituriyentlarga belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga bir martalik 10 foiz chegirma (bonus) beriladi.

Super kontrakt uchun t-kontrakt.edu.uz sayti orqali onlayn ariza berayotganda shartnoma turini tanlash degan bandi bor. Bunda ikki tomonlama yoki uch tomonlama shartnoma turini tanlashingiz mumkin.

Ikki tomonlama shartnoma – bu OTM va abituriyent o‘rtasida tuziladi. Boshqacha aytganda agar super kontrakt pulini abituriyentning o‘zi yonidan to‘lamoqchi bo‘lsa, shu bandni tanlashi kerak.

Uch tomonlama shartnoma – bu OTM, abituriyent va yana biror tashkilot o‘rtasida tuziladi. Agar super kontrakt pulini abituriyentning o‘zi emas, balki biror tashkilot, masalan banklar yoki ota-onasining ishxonasi to‘lamoqchi bo‘lsa, unda uch tomonlama shartnoma turini tanlashi kerak.

Bo'lishmoq: