18.10.2021 568

Talabalari bilan gumma yegan rektor faqat O‘zJOKUda!

Bugun O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z talabalari uchun noan’anaviy dars jarayonini tashkil qildi.

Professor Sherzodxon Qudratxo‘ja universitet rektori bo‘lsada, doimiy ravishda o‘ziga berilgan dars jarayonlarini qiziqarli va yangicha yondoshuv bilan o‘tishga chog‘langan olimdir. Bugungi noodatiy o‘tgan dars ham ushbu so‘zlarimizning yaqqol isboti ekaniga o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Ajoyib, quyoshli kuzgi havodan foydalangan holda talabalarni bugun Sherzodxon Qudratxo‘ja Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan kitoblar rastasida dars o‘tishga chorladi. Yaqindagina turli viloyatlardan kelgan, hali poytaxtni aylanib ulgurmagan ko‘pchilik talabalar uchun bugungi dars Toshkent bilan tanishuv darsi ham bo‘ldi.

Kitob rastalarini aylanib, talablarga barcha sohaga tegishli bo‘lgan qiziqarli kitoblarni ko‘rsatish bilan birga rektor ularga har bir inson hayoti davomida o‘qishi kerak bo`lgan kitoblarni, o‘zi o‘qigan va o‘qishni tavsiya etadigan nashrlar bilan ham o‘rtoqlashdi. Talabalarga kitob o‘qish bilan birgalikda atrofdagilar bilan kommunikatsiya qilishni ham o‘rganish kerakligini tushuntirar eka rektor, kitob rastalari sotuvchilariga o‘z talabalarini tanishtirib, ular kitob olish uchun kelishsa chegirma qilib berishlarini so‘radi va ularning ko‘pchiligi rozi bo‘lishdi. Rektorning betakror kommunikatsiya egasi ekani sabab, endi bu rastalarda O‘zJOKU talabalalari uchun 10 foizlik chegirma amal qiladi!

Kitob rastasi oxirida turli munchoqlar sotib o‘tirgan keksa ayoldan rektor talaba qizlar uchun bugungi darsdan esdalik sifatida munchoqlar sotib olib tarqatar ekan talabalarning ko‘zlaridagi hayrat va quvonchni sezmaslikning iloji yo‘q edi.

Sayohat darsiga kirishib ketgan Sherzodxon Qudratxo‘ja endi talabalarni Toshkent Markaziy Univermagi (ЦУМ) ga olib bordi. Talabalarga qimmatbaho vitrinalardagi chiroyli buyumlarni ko‘rsatib: “kelajakda barchangiz, albatta, shunday go‘zalliklar orasida, badavlat yashashingizni istayman, jurnalist boy bo‘lishi kerak, harakat qilsangiz ishonamanki barchangiz millioner va milliarderlar bo‘lasiz” deya ta’kidladi.

Jarayondan motivatsiya olgan talabalarga Sherzodxon Qudratxo‘ja “boy bo‘lish albatta, yaxshi ammo yoshlikni eslab birgalikda “gumma” yeganga nima yetsin” deb univermag ro‘parasida joylashgan tamaddixonaga ishora qildi. Ikkilanib turgan talabalarga rektor “bilaman qorningiz ochgan, kettik birgalikda ovqatlanamiz” dediyu barcha bir-birga ergashdi. Talabalar tarixda ilk bor o‘z rektorlari bilan “gumma” yedilar.

Ovqatlanib bo‘lgach, barcha poytaxtning sayilgoh ko‘chasiga yo‘l oldi. Yo‘l yo‘lakay yaponlar tomonidan qurilgan, ajoyib bunyodkorlik na’munasi bo‘lgan teatrni, “Sharq” nashriyot matbaa uyini, ilk turk restoranlarini tomosha qilib, sayilgohga ham yetib borildi. “Broadway” dagi ajoyib tasviriy san’at na’munalari haqida ham talabalar bilan suhbatlashgach (orada talaba yigitlarning kuchlarini ham sinab ko‘rildi) dars yakunlandi.

Talabalarning yuzlaridan quvonch va kuchli motivatsiya ufurib turar ekan, yakunda ular rektorga katta rahmat aytishdi. Rektor jiddiy, rasmiy bo‘ladi deb kutishgani va juda tig‘iz ish jadvaliga qaramay o‘z talabalari bilan shahar aylanishga, hayot saboqlari bilan o‘rtoqlashishga vaqt topgani, darslarga hech qo‘l uchida yondoshmay, bor mehr va bilimlarini berishga intilganlari uchun ulardan minnatdor ekanlarini izhor qilishdi. Rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja esa doim o‘z talabalarini eshitishga, ularga bilim, saboq berishga, kerak bo‘lsa birgalikda “gumma” yeyishga ham doim shay ekanini ta‘kidlab, bugun ulardan kam xursand emasligini aytib o‘tdi.

Bugungi kun betakror va ajoyib lahzalarga boy bo‘ldi. Ishonamizki, talabalar bugundan olgan taassurotlarini butun umr yaxshi xotirlar ila eslashadi. Boshqa oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga ham darslarni ana shunday o‘zgacha tarzda tashkil etishlarini, talabalar uchun uzoooqdan ko‘rinish beradigan REKTOR bo‘lib qolmasliklarini tavsiya etgan bo‘lar edik! Chunki talabalar ana shunday darslarni zerikarli rasmiy ma’ruzlardan ko‘ra ko‘proq eslab yuradilar.

Bo'lishmoq: