01.09.2020 1858

U-Report o‘zi nima?

U-Report – bu yoshlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy monitoringning innovatsion raqamli platformasi. U so‘rovlar o‘tkazish va ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar bilan almashish uchun oddiy xabarlar va qisqa savollarga asoslangan. U-Report barcha foydalanuvchilar uchun bepul va anonim bo‘lib, yoshlar, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash va rivojlantirishga mo‘ljallangan. U-Report yoshlarga mamlakatda va o‘z hamjamiyatlarida ro‘y berayotgan islohotlarda ishtirok etish va ular to‘g‘risida o‘z fikrini bildirish, ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi uchun bu jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishga imkon beradi.
Qanday qilib U-Reportyor bo‘lish mumkin?
U-Reportyor bo‘lish juda oson va bu bepul, ixtiyoriy va anonim tartibda amalga oshiriladi.
Buning uchun kompyuter, mobil telefon yoki planshet mavjud bo‘lishi kerak va O‘zbekistondagi mobil operatorlardan biriga ulanish va/yoki Internetga kirish imkoniga ega bo‘lish lozim. U-Report jamoasining bir qismiga aylanishning bir necha usuli mavjud:
- START so‘zi yozilgan SMSni 1122 raqamiga jo‘nating va yoshingiz, yashash manzilingiz va shu kabi bir necha savollarga javob bering (bu jarayon 5 daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi va tanlangan mobil operatordan qat’i nazar bepul hisoblanadi);
- Telegram orqali @UReportUzbBot botni toping va START so‘zini jo‘nating, so‘ng bir necha qisqa savollarga javob berish lozim bo‘ladi;
- Facebook orqali UReportUzbekistan sahifasini toping va shaxsiy xabarlar orqali START so‘zini jo‘nating, so‘ng bir necha oddiy savollarga javob berish kerak.
Shundan keyin sizga U-Reportyor bo‘lganingiz haqida tabriknoma kelganidan so‘ng siz ham U-Report katta jamoasining bir qismiga aylanasiz. Tabriklaymiz!
So‘rovlarda qanday ishtirok etish kerak?
U-Reportda ro‘yxatdan o‘tganingizdan keyin – siz U-Reportyor hisoblanasiz. Va endi sizning mobil vositangizga jo‘natiladigan barcha so‘rovlarda ishtirok etishingiz mumkin. Sizga muntazam ravishda markazlashgan tizim orqali savollar jo‘natiladi, shu bois ularni olish uchun o‘zingiz hech narsa qilishingiz talab etilmaydi. Sizga savollar kelib tushganda siz shunchaki javoblarni tanlashda faol qatnashsangiz bas.
So‘rovlarda qanday mavzular ko‘tariladi?
So‘rovlar tematik savollar va javoblar optsiyalaridan iborat bo‘ladi va bu yoshlar uchun muhim mavzular bo‘yicha bevosita va xolis fiklarga ega bo‘lishga imkon beradi. U-Report so‘rovlari asosiy ijtimoiy xizmatlarning sifati va ulardan bahramand bo‘lish imkoniyatlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, texnologiyalar, madaniyat, hordiq chiqarish va yoshlar uchun manfaatli bo‘lgan boshqa muhim masalalarga qaratilgan.
So‘rov natijalari barcha uchun ochiq bo‘ladi va ular bilan U-Report saytida sizga qulay vaqtda tanishish mumkin. Shuningdek, o‘z vaqtida munosabat bildirish va ijobiy o‘zgarishlar uchun qarorlarni qabul qilish maqsadida so‘rovlar natijalari manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlariga taqdim etiladi.
O‘zbekistonda U-Report loyihasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va UNICEFning Toshkentdagi Vakolatxonasining qo‘shma tashabbusi asosida Ucell kompaniyasining ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Batafsil ma’lumot uchun quyidagi havola orqali o‘ting:
Bo'lishmoq: