21.02.2023 693

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya joriy etildi

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya o‘zbek OAVda jamiyatning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tahliliy materiallari bilan ishtirok etgan talabalarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etildi.

Maxsus stipendiya quyidagi mezonlarga javob beradigan O‘zJOKUning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriatining 3-bosqich talabalariga belgilanadi:
maxsus stipendiya nomiga ta’sis etilgan ijodkorning hayoti va ijodini o‘rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish va targ‘ib etish, izlanish olib borish.

Talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun o‘zlari tahsil olayotgan fakultetga 25-fevralga qadar quyidagi hujjatlarni topshiradilar:
— sinov daftarchasidan ko‘chirma (o‘zlashtirish ko‘rsatkichi);
— kafedra tavsiyanomasi;
— ijodiy (ilmiy) ish, uning annotatsiyasi va taqriz (mavjud bo‘lsa);
— murabbiyning fikr-mulohazalari;
— muayyan shaxs hayoti va ijodi hamda faoliyatini (ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa) targ‘iboti bo‘yicha materiallar;
— muayyan shaxs hayoti va ijodini, faoliyatini tadqiq qilish bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosdagi jurnallarda chop etilgan yakka mualliflikdagi ilmiy maqolalar, o‘tkazilgan anjumanlardagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjat (asl nusxasi);
— o‘z sohasi bo‘yicha xalqaro yoki respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyenalle, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishganligi (mavjud bo‘lsa) to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjat.

Barcha hujjatlar ikki nusxada, har bir nusxasi alohida jildga joylangan holda taqdim qilinadi. Har bir jild muqovasida taqdim qilayotgan fakultetning nomi, talabgorning ism va familiyasi, ishning nomi ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Talabgorlar maxsus test sinovi va suhbatdan o‘tkaziladi.

Maxsus stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalarga har yili Mahmudxo‘ja Behbudiy tavallud topgan kuniga bag‘ishlangan tadbirda «Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya sovrindori» guvohnomasi tantanali ravishda topshiriladi.

Maxsus stipendiya talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun 1-fevraldan boshlab belgilangan miqdorga qat’iy rioya qilingan holda tayinlanadi.

Maxsus stipendiya miqdori Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori 2-ilovasining 3-bandiga muvofiq belgilanadi.

Talaba o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirganda yoki akademik ta’til olganda maxsus stipendiya to‘lanmaydi.

Kutilmaganda bitta o‘ringa ikkita talaba to‘g‘ri kelib qolganda yoki tanlovning o‘tishiga nisbatan e’tiroz paydo bo‘lsa talaba tashkiliy qo‘mitaga 1 sutkaning ichida ariza bilan murojaat qiladi. Ariza maxsus tuzilgan apellyatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bo'lishmoq: