12.12.2020 687

Universitet rektoridan motivatsion dars qanday o‘tdi?

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Bo‘yinbog‘siz uchrashuv" bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va SMM, IT sohasiga qiziqqan talabalar ishtirok etdi. Barcha talabalarni jalb etish maqsadida uchrashuv ham onlayn, ham offlayn shaklda tashkil etildi.
Uchrashuv mavzusi bevosita axborot texnologiyalarning roli va ahamiyatiga qaratildi. Hozirgi davrda hamma narsa, shu jumladan, texnologiyalar ham shiddat bilan rivojlanib kelmoqda. Axborot texnologiyalari rivojlanganligi sari odamlar ham takomillashib bormoqda. Gadjet, planshet, kompyuter deysizmi. Ularsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz.
Dunyoning eng boy odamlari IT sohasida faoliyat olib boradigan insonlar ekanligi hech birimizga yangilik emas. Shunday ekan, bu sohani biz O‘zbekistonda rivojlantirmasak, uni yangi bosqichga olib chiqmasak, zamondan ortda qolamiz.
Hozirgi kunda SMM, kopirayting, dizayn degan tushunchalar hayotimizga kirib bormoqda. Darhaqiqat, O‘zbekistonda o‘zbek tilida yaxshi, sifatli kontent yaratadigan mutaxassislar unchalik ham ko‘p emas. Demak, bu yo‘nalish hali biz uchun yangi. Aynan shu fikrni uchrashuv davomida O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ta’kidlab o‘tdi. “Biz SMM maktabini yaratmasak, agar o‘zimiz bunga asos solmasak, hech kim qilmaydi. Men bizning yurtdan Erik Yuan, Mark Zuckerberglar chiqishini xohlayman. Bizda bu uchun hamma imkoniyatlar bor”, - dedi rektor.
Qolaversa, yig‘ilishga Bekzod Mahamadbekov(https://twitter.com/BeckoffLive) taklif etildi. U talabalar bilan o‘z tajribasini bo‘lishdi va ularga kerakli maslahatlar berib, har bir talabaning fikri, takliflarini o‘rganib chiqdi.
Universitetda media-xoll tashkil etish va u yerda yoshlarni SMM, kopirayting, dizayn yaratish va boshqa shu sohaga doir muhim narsalarga o‘qitish rejalashtirildi.
Bugungi uchrashuv chin ma’noda motivatsiya darsi bo‘ldi desak adolatdan bo‘ladi. Sababi, talabalarning ko‘plari shu uchrashuv davomida “uyg‘onishdi”, o‘z fikrlarini bildirishdi, g‘oya va taklifari bilan bo‘lishishdi.
Bo'lishmoq: