28.10.2022 1169

VII Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida VII Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalining O‘zbekiston ijodkorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Menderes Demir rahbarlik qilayotgan Turk dunyosi jurnalistlar federatsiyasi bilan joriy yilning avvalida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu qisqa davr mobaynida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadid matbuotini o‘rganishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro konferensiya va Turkiyaning “Nidiye Umar Xolisdemir” universitetida o‘tkazilgan simpoziumda universitetimiz professor-o‘qituvchilari ham online, ham bevosita ushbu universitetning o‘zida bo‘lib, ma’ruzalari bilan ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldilar.

O‘zJOKU VII Turk dunyosi hujjatli filmlar festivalida hamkor sifatida ishtirok etdi. Hujjatli filmlar festivaliga ishtirok etgan 10 dan ortiq mamlakat ijodkorlari tomonidan taqdim etilgan 260 ta hujjatli filmdan 130 tasi tanlov uchun saralab olingan bo‘lib, ularni saralashda hay’at a’zosi sifatida O‘zJOKUdan mutaxassislar ham ishtirok etishdi.

Mazkur festivalda O‘zbekiston ham 6 ta hujjatli film bilan qatanashib, ijodkorlarimiz faxrli mukofotlar bilan taqdirlandilar. Ularga mukofotlarni O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo’ja hamda Menderes Demir topshirdilar.

Kelgusi yillarda O’zJOKU talabalari ham ushbu festivalda o’z ijod mahsullari bilan qatnashishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bo'lishmoq: