13.12.2020 769

Xalqaro hamkorlik bo‘limining navbatdagi hamkori - talabalar!

Universitetning xalqaro hamkorlari soni nechta? Qanday qilib xorijiy universitet talabasi bo‘lish mumkin? Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan 1-kurs talabalari uchun o‘tkazilgan tanishuv uchrashuvida aynan shu masalalar bo‘yicha suhbatlashildi.


Shuningdek, talabalar bo‘limning asosiy vazifalari, faoliyati, erishgan yutuqlari va kelgusi rejalar bilan batafsil tanishdilar. Qolaversa, ular xorijiy hamkorlar haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lishdi. Akademik mas’uliyatni his qilgan, intiluvchan talabalar uchun barcha sharoitni yaratib berish haqida so‘zlar ekan: “O‘zingizga maqsad qo'ying va u sizga yuzlanib harakatlanadi. Universitet sizni o‘qitmaydi, talaba universitetda o‘qiydi”, - dedi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozima Muratova. Talaba Farangiz Bahromova universitet saytida Turkiya universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatilganligi haqidagi xabarni o‘qigandan buyon turk tilini mukammal o‘rganishga kirishgani haqida mamnuniyat bilan gapirib berdi.
Bo‘lim xodimlari tomonidan bildirilgan takliflar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va eng munosib yoshlar bilan doimiy hamkorlik qilishga kelishib olindi. Dushanba, seshanba kunlari Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar va Internet jurnalistikasi fakulteti talabalari uchun ham yig‘ilish tashkil etilishi rejalashtirilgan.

101-guruh talabasi Kamola Abdunabiyeva

Bo'lishmoq: