28.12.2018 1342

Xalqaro hamkorlik-malakali kadrlar tayyorlash garovi sifatida

 

 

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida malakali kadrlar tayyorlash va Oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish kerakligi haqida aytib oʻtdi. Prezident mamlakatimiz yoshlari tahsil olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilishi kerakligi haqida gapirar ekan, “Yurtimizda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish oʻtgan yillarda 9-10 % koʻrsatkichni koʻrsatayotgan edi. Soʻnggi ikki yilda koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli biz bu raqamni 15% dan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas, chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich ularda oʻrtacha 60-70 % ni tashkil etadi. Shuning uchun 2019-yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 20 % ga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish muhim vazifalarimizdan biridir”, - deb taʼkidladi.

   Darhaqiqat, Shavkat Miromonovich taʼkidlaganidek, hozirgi zamonda insoniyat rivojlanishining barcha jabhalarida: iqtisod, siyosat, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda oʻzaro global aloqalar kuchayotgan bir paytda alohida bir mamlakatning taraqqiyoti haqida gapirish befoyda. Barcha narsalar bir-biri bilan uzviy bogʻlanib ketgan. Taʼlim sohasida ham oʻzaro hamkorliksiz taraqqiyotga erishib boʻlmaydi. Shuning uchun ham Murojaatda bakalavriat yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda oʻqishni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish kerakligi, chunki jamiyatimizda oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali boʻladi, deb alohida taʼkidlandi.

    Soʻnggi paytlar mamlakatimiz OTMlarining xalqaro hamkorligiga doir koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston jurnalistikava ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ham oʻzining nomidan kelib chiqqan holda xalqaro hamkorlikni keng yoʻlga qo'ymoqda. Xususan, universitet rahbariyati 2018 yil may oyida Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulteti bilan, noyabr oyida esa Sankt-Peturburg universiteti Prezidenti V.S.Skvorsov bilan, Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay shahrining Fudan universitetlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi hamda mazkur universitetlar bilan hamkorlik haqida shartnoma va memorandumlar imzoladi. Ushbu shartnoma va memorandumlarga muvofiq universitetimiz talabalari va professor-oʻqituvchilari oʻzaro tajriba almashish va malakaviy amaliyotlarini oʻtash imkoniyatigaega boʻldilar. Bundan tashqari Turkiya Respublikasining beshta universiteti (Anqara, Istanbul, Gʻozi, Hojitepa, Ibn Xaldun) bilan hamkorlik haqidagi memorandum va shartnomalar imzolandi. Murojaatdan kelib chiqadigan boʻlsak, hali bu sohada juda koʻp ishlarni amalga oshirishimiz kerakligi, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytishimiz oydinlashmoqda. Xorijlik hamkasblar bilan hamkorlikda magistratura mutaxassisliklari uchun qoʻsh diplom berish, stajirovka va malaka oshirish kurslariga yuborish haqida ham muzokaralar olib borilmoqda.

                                                                    O'zJOKU dotsenti                             A.N.Nurmatov

Bo'lishmoq: