22.04.2021 829

“Xalqaro press-klub” NNT va “The Korea Times” gazetasi o‘rtasida hamkorlik

Bugun, 22-aprel kuni Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxoʻja boshchiligida Koreyaning nufuzli nashri “The Korea Times” prezidenti Oh Yong Jin janoblari bilan ZOOM platformasi orqali videoanjuman boʻlib oʻtdi. Videomuloqot koʻtarinki ruhda, samimiy oʻtdi. Chunki, oʻzaro ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada yaxshilash umidida boʻlgan ishtirokchilar ochiqcha maqsad va vazifalarni kelishib olishdi.

Virtual uchrashuvdan koʻzlangan maqsad - media sohasida oʻz oʻrniga ega ikki OAV oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, Oʻzbekiston va Koreya hayotida roʻy berayotgan yangiliklar bilan ikki mamlakat xalqini tanishtib borish, hamda Oʻzbekitson jurnalistikasida mediamaydoncha boʻlgan XPK orqali boshqa mahalliy OAV bilan ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdir.

Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxoʻja avvalambor, oʻz nutqida Oh Yong Jin janoblarini bildirgan taklifi, yaʼni Xalqaro press-klub va u orqali Oʻzbekistonning boshqa OAVlari bilan hamkorlik qilish niyati borligidan oʻz minnatdorchiligini bildirdi. “Xalqaro press-klub hamkorlikka ochiq tashkilot. Biz dunyoning boshqa press-klublari bilan ham hamkorlikda ishlaymiz. Xususan, oʻtgan yili Belgiya press-klubi bilan birgalikda ekologiya mavzusiga doir koʻrsatuv tayyorlaganmiz”, - dedi Sherzodxon Qudratxoʻja.

“Biz press-klubning jonli sessiyalari doirasida Oʻzbekistondagi yangiliklar, voqealar bilan maʼlumotlarni The Korea Times nashri uchun ham muntazam ravishda berib borishga tayyormiz. Qolaversa, bu yil Oʻzbekistonda Prezident saylovlari ham boʻlib oʻtadi. Bu muhim va qiziqarli jarayondan qaynoq yangiliklarni hamkasblarimizga yetkazib turishdan xursand boʻlamiz”.

The Korea Times prezidenti ham oʻz nutqida XPK Oʻzbekistondagi nufuzli media-tashkilotlardan biri ekanligi, bu yerda hukumat va xalq bilan ochiq muloqot borligi uchun ham unda katta qiziqish paydo boʻlganligini taʼkidlab oʻtdi. “Yana bir asosiy jihat: Oʻzbekistonda 400 mingdan ortiq Koreya fuqarolari, Koreyada esa 75 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari istiqomat qilishi, ikki davlat fuqarolarida ham mamlakatlarda qanday yangiliklar boʻlayotganiga qiziqish boʻlishi tabiiy hol”, - dedi gazeta rahbari.

Shuningdek, Oh Yong Jin janoblari hamkorlik masalalarini rasmiylashtirish, yaʼni ikki tomonlama memorandum imzolash toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtdi. Bu jarayonni Oʻzbekistonning Koreyadagi elchixonasi orqali amalga oshirishga kelishildi.

Qolaversa, gazeta rahbari keyinchalik Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan ham hamkorlikda ishlash, xususan, oʻzbek talabalarini gazetada amaliyot oʻtash, kelajakda gazetada maqolalarini chop etish imkonini ham yaratish muhokama qilindi.

Videouchrashuv yakunida Oh yong Jin janoblari “The Korea Times” gazetasida bugungi muloqot haqida yangilik chiqishi haqida aytib oʻtdi.

Bo'lishmoq: