Kuni kecha 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar univeriteti ilmiy tadqiqotchilari Nilufar Umrzoqova hamda Parvina Omonova tomonidan Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan “Yangiariq” mahallasi o‘quvchi-yoshlari bilan navbatdagi “Xorijiy tillarni bilish - muvaffaqiyat kaliti” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ushbu mahallada yashovchi o‘quvchi yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbir davomida bolalarning til bilish darajasi sinovdan o‘tkazilib, ularga bilim darajasiga qarab turli qiziqarli kitoblar taqdim etildi.
Dunyodagi globallashuv jarayoni insonlardan o‘z ona tilidan tashqari yana bir necha xorijiy tillarni o‘rganishni taqozo qilayotgani va ushbu jarayon qancha erta boshlansa, shuncha samaraliroq bo‘lishi ko‘p ta‘kidlanmoqda. Shuni inobatga olgan holda, universitet vakillari tomonidan bolalarda yangi so‘zlarni yod olishga motivatsiya va ishtiyoq uyg‘otish uchun sentyabr oyi, o‘quv yili boshlanguniga qadar “1000 ta yangi so‘z” chellenji ilgari surildi. Shartlarga ko‘ra mingta yangi so‘z yod olgan bolajonlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad bolalarning yozgi ta’til vaqtida bilimlarini oshirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunki, kerakli mashg‘ulotlarga safarbar etishdan iboratdir.
Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuv “Toshkent shahrida yoshlar bilan mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2021-yil may-iyun oylari davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” dasturi doirasida o’tkazildi.