O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab- quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy - tadqiqot instituti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Marosimda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdieva va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori Nozima Muratova so‘zga chiqib, o‘zaro manfaatli kelishuv ikki muassasa o‘rtasida yangi ilmiy natijalar olib kelishi, hamkorlik uzoq yillar ilmiy izlanuvchilar uchun imkoniyatlar yaratishi haqida fikr yuritdilar.
Mazkur memorandumda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini keng targ‘ib etish, ilmiy izlanuvchilar hamkorligini ta’minlash, doktarantura yo‘nalishida soha bo‘yicha yangi ilmiy nazariyalar ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro hamkorlikning mazmuni, sohalari va tartibini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha qator kelishuvlar o‘z aksini topgan.
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, mustahkam zamonaviy oilani shakllantirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikni ommaviy axborot vositalarida jumladan, televideniya, bosma nashrlar va internet tarmog‘ida ilmiy tadqiqotlar natijalarini keng yoritish, shuningdek, aholining mahalla va oila institutlarini mustahkamlashdagi ijtimoiy faolligini oshirishda barobar ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik olib boradi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining o‘qituvchilari va talabalarining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy-muammolarga bag‘ishlab tashkil etiladigan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlarni keng jamoatchilikka yetkazishda, Respublikada targ‘ib etishda ishtirok etish va uni yoritishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Endilikda ikki muassasaning doktorantlari o‘zaro ilmiy, manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish borasida keng hamkorlikni olib boradi.
Jamiyatda mahalla va oila institutlarini qo‘llab - quvvatlash, xotin-qizlarni rahbarlik faoliyatida, shuningdek ilmiy faoliyatining davomiyligini ta’minlash maqsadida ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum ijtimoiy institutlarning o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.