Yapon maktablaridan birida jahon tarixidagi eng buyuk kashfiyot nima, degan so‘rovnoma o‘tkazilgan ekan. Bu so‘rovnomada ishtirok etganlar o‘zlari mo‘jiza deb bilgan turli narsalarni tilga olishgan: olov, dvigatel, atom bombasi, elektrotexnika va boshqa bir necha narsalar. Biroq qatnashchilar ichidan 6-sinf o‘quvchisining “Eng zo‘r kashfiyot – kitob” deb bildirgan javobi hay’at a’zolariga ma’qul tushgan ekan. Nima sababdan aynan kitob, degan savoliga u “Qolganlarning fikrlari ham to‘g‘ri, lekin kitob bo‘lmasa, ularning birortasi ham ixtiro qilinmasdi-ku", deb javob bergan.
Buni qarangki, ko‘pchilikni xayoliga ham kelmagan ushbu javob chinakam haqiqat yekanligi asta - sekin o‘z isbotini topib boryapti. Kitob haqiqatan ham, mo‘jiza, unda keltirilib o‘tilgan jumlalar beixtiyor kitobxonga yuqish, unga ruhiy ta’sir o‘tkazish, aqlni o‘stirish kabi vazifalarni bajarishga qodir.
Kitobdan shunchaki ermak yoki bo‘lmasa zerikishda qo‘l keladigan bir vosita sifatida foydalanish xatodir. Kitob tafakkur va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson ruhini tarbiyalaydi, uning shaxsi shakllanishida asosiy turtki beruvchidir. Kitob mutolaa qilish jarayonida undagi ma’lumotlarni kishi nafaqat ongi va ko‘zi, shuningdek ko‘nglini ham birdek uyg‘oq holda tutishi bilan xotirasida saqlab qolishi mumkin. Kitob o‘qishdan maqsad bu–uning mazmunini anglab yetish, unga singdirilgan ma’no-mazmunni qalban tuyish va bu orqali ma’nan ozuqaga ega bo‘lishdir. Kitob mutoalasi insonda ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lishiga zinhor va zinhor yo‘l qo‘ymaydi, shunday ekan, kitobni mutolaa qiluvchi har qanday inson yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib yetishishi mumkin. Ammo, kitobni ajrata olish bu boshqa masala. Sababi tafakkuri teran kitobxongina yaxshi asarni farqlay oladi. Buning uchun eng avvalo, kishida adabiyotga bo‘lgan muhabbat bo‘lishi kerak. Ushbu muhabbatni shakllantirmoq esa har shaxsning o‘ziga bog‘liq.
— Davron Ergashev, talaba.