Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency" mexmonxonasining katta majlislar zalida bo’lib o’tgan “Atrof-muhit va suv resurslari sohasidagi hamkorlik bo’yicha Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyoning yuqori darajadagi 6-Konferensiyasi”dan maxsus intervyular tashkil qildik. Quyida sizga ana shu intervyularni keltirib o’tmoqchimiz.
Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish davlat qo’mitasi raisi Bahrom Qo’chqorov bilan maxsus intervyu:
– Bugungi imzolangan memorandum to’g’risida nima deya olasiz?
– Bugun biz Italiya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi bilan memorandum imzoladik. Avvalari ham bu davlat bilan bir qator sohalarda shartnomalar imzolaganmiz. Ma’lumki, Italiya davlati Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida ekologiya sohasi bo’yicha ancha yutuqlarga ega bo’lgan mamlakat. Bugungi platforma-konferensiyasiga ham, aynan, Italiya davlati raislik qilmoqda. Ularning bu sohada tajribalari katta. Bu tajribalarni o’rganib chiqish hamda u yerdan mutaxasislarni jalb etish masalasi olimizda turgan asosiy ish rejalarimizdan biridir. Memorandumda ekologiya va chiqindilarni qayta ishlash bo’yicha investorlarni jalb qilish, texnikalarni olib kirish masalasi ham ko’tarilgan. Va biz imzolagan memorandum qog’ozda emas, balki amalda to’liq ishlashi bo’yicha ham maxsus nazorat komissiyasi tuzishga kelishib oldik.
– Konferensiyada hamkorlikning yangi yo’nalishlarini ishlab chiqildi deganda aynan nima nazarda tutilganini aytib o’ta olasizmi? Bu konfrensiya avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?
– Bundan avval atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo’yicha beshta konferensiya o’tkazilgan. Demak, bu oltinchisi. Shu kunga qadar o’tkazilgan beshta amaliy konferensiya bo’yicha nima ishlar qilindi, qaysilari tugatilmay qoldi – biz shu masalaga tanqiydiy yondashgan holda baho berdik. Amaliy ishlarni ko’paytirish bo’yicha hamkorlarimiz oldiga vazifalar qo’ydik. Misol uchun tadbir doirasida Orolbo’yi hududida ekologik muhitni yaxshilashga katta e’tibor qaratildi. Avvalari ham ko’p ishlar qilingan. Biroq muvofiqlashtirish, samaradorlik, natijadorlik masalalariga e’tibor berilmay qolgan. Umuman olganda monitoring masalasini chetlab o’tganmiz. Endi esa bu kamchilikni bartaraf etishimiz lozim.
– Orol muammosini hal qilishda aynan qaysi davlatlarning tajribalari, inavatsion loyhalari o’rganilib chiqilmoqda.
– Kelajakda biz aniq bir davlat bilan emas, balki bizga inavatsion loyhalarni taklif etuvchi bir qator mamlakatlar bilan shartnomalar tuzishni mo’ljallamoqdamiz. Qolaversa, bu soha bo’yicha o’z kadrlarimizga ega bo’lish masalasi ham oldimizda ko’ndalang turibdi. Buning uchun boshqa davlat mutaxasislari bilan ham birgalikda ishlashni rejalashtirmoqdamiz. Yana bir masalani ko’tarib chiqdikki, avvallari yurtimizga ko’plab xalqaro ekspertlar tashrif buyurishardi. Lekin bu qanday natija bermoqda? Endilikda biz ekspertlar bilan bir qatorda aynan shu sohani to’liq tushunadigan bir qator kadrlarni ham jalb etilishini ko’rib chiqdik?
– Bugungi kunda ekoturizm jahonning ko’plab mamlakatlarida rivojlanib bormoqda. Umuman olganda, yurtimizda ekoturizmni rivojlantirish bo’yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Birinchi navbatda ekoturizm deganda tushunib olishimiz lozimki, bu masalani hozirgi zamon talablariga mos ravishda yaratish kerak. Hozirda yurtimizda ochiq tabiat zonalarida dam olish uchun turistik yo’nalishlarni, ya’ni mashurtlarni yaratib chiqish bo’yicha ishlar olib bormoqdamiz. Tabiiy muhofaza hududlarini tashkil etish loyihasida ham, aynan, ekoturizimni yaratish qismi mavjud. Ya’ni, Qoraqalpog’iston hududida qo’riqxona, buyurtmaxona, turistik maxsus zonalar yaratish ishlari ko’rsatib o’tilgan. Hozirda biz sayyohlarni Qoraqalpog’istonda faqatgina Orol va uning atrofidagi hududlarga olib boramiz. Vaholanki, u yerda talaygina sayyohlik hududlarini tashkil etsa bo’ladigan joylar mavjud. Biroq ular e’tibordan chetda qolib ketmoqda. Biz turistik kompaniyalar bilan kelishgan holda shu yerlarning sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirmoqchimiz.
Filippin Asian development bankining suv resurslari bo’yicha va Markaziy va G’arbiy Osiyo departamentining tabiiy resurslar va qishloq xo’jaligi bo’linmasi direktori Yasmin Siddiqiydan (Pokiston) maxsus intervyu:
– Bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng dolzarb ekologik muammolaridan qaysilarni aytib o’ta olasiz?
– Mendan juda qiyin savol so’radingiz. Menda bu savolga javob berishda qiyinchiliklar bo’lishi tabiiy. Negaki, ushbu hududda yechimga muhtoj ekologik muammolar o’nga yaqin. Agar brifingda nimalar muhokama qilinganiga e’tibor bergan bo’lsangiz, unda, aynan, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik muhitini yaxshilashga doir bir qator ish rejalar ko’rsatib o’tildi. Brifingda tabiat menejmenti va kelajakda iqlim o’zgarishining qanchalik ta’sir qilishi muhokama qilindi. Bu kabi muammolarni yechish usullari keng miqyosda ko’rib chiqildi.
– Aynan shu ekologik muammolarni bartaraf etishda qanday yechimlar ko’rsatilganini ayta olasizmi?
– Bugungi brifing Yevropa Ittifoqi uchun ham, Markaziy Osiyo uchun ham ekologiya va suv resurslari muammolarini hal etishda katta ahamiyat kasb etdi. Turli joylarning tabiiy hududi muammolari ko’rsatib berildi. O’ylashimcha, bugungi muhokamalarni tinglash va unda nimalar nazarda tutilganini tahlil qilish uchun kishilarning imkoniyatlari mavjud. Shundan kelib chiqqan holda ular bu muammolarni hal etishda o’z hissalarini qo’shadilar. Negaki, ular o’zlari yashayotgan hududning iqlim sharoitlarini yaxshiroq biladilar. Eng asosiysi, hamkorlikda ish ko’rish va hamkorlikda fikr almashishdir.
O’zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti talabalari
Asliddin Sabriddinov va Madina Ochilova tayyorlashdi.