10.06.2019 1553

Yonimdagi do'st

          Sen  bilan  oily  o’quv  yurtiga  kirish  imtihonlari  imtihonlari  topshirish  paytida tanishib qoldim.Shundan boshlab hayotimda oʻzgarishlar sodir,oʻzimga bo'lgan ishonch oshdi,hayotga boshqacha koʻz bilan qaray boshladim.

          Oʻshanda qattiq ogʻrib qolgandim. Ammo koʻp oʻqish, tayyorgarlik koʻrish kerak.Atrofimdagi barcha abituriyentlar muk tushib kitob oʻqishmoqda. Oʻshanda butun hayotingni oʻzgartiruvchi imtihoning qarshingda turganiga qaramay, men uchun jon kuydirding, dardimga najot izlab yugurding... Yarim kecha, mening jonim ogʻriyapti, tashqariga chiqish imkoni yo'q. Barcha qavatdagi abituriyentlar, talabalardan yordam soʻrading, kerakli dorilarni topib kelding. 

         Jonim orom olganday bo'ldi. Sen esa tinmasding, garchi ertaga imtihon, oʻqishing, tayyorgarlik koʻrishing kerak...Lekin mening boshimda onamday parvona boʻlarding. Vaholanki, oʻsha payt endi dugona boʻlgandik, hech qancha vaqt ham oʻtmagandi. Keyin bilsam, oʻzing ham koʻp dardni boshdan kechirgan, joni  ogʻrigan inson holatini oʻz vujudingda sinab ko'rgan ekansan. Meni qiynoqqa solgan dardni oʻzingda his qilgan ekansan...

         Biz bir-birimizga oʻxshamas edik lekin sen bilan doʻst boʻldik. Buning zamirida mehrmi, insoniylikmi, muruvvatmi, yaxshilikmi...hammasi jamuljam edi. Va sen ilk bor sen menga fidoiylik sabogʻini berding. Yana bir qiz bor edi. Men uni ham yaxshi ko'rardim, u ham meni jon dugonasi kabi koʻrardi. Toʻgʻri, uchchalamizning do'stlik hikoyamiz baravariga boshlanmagan. Lekin men dugona bo'lishimizni astoydil xohlaganman, shunday ham bo'lgan.

        Biz boshqa doʻstlardek birga sayohatlarga chiqmaganmiz, sayr  ham qilmaganmiz,kinoga bormaganmiz. Doim kitob oʻqiganmiz,bir-birimizga gʻamxoʻrlik qilganmiz. Oʻqishga kirsak, uchalamiz birga turamiz,- deb niyat qilganmiz. Niyat holis ekan,men oʻqishga kirdim, uchinchi dugonamiz ham. Ammo sen oʻqishga kirolmading. Menga koʻp gʻamxoʻrliklar qilding, gapirmasimdan oldin nima haqida oʻylayotganimni bilib turarding. Ba'zan koyib ham qoʻyarding. Mendek arazchi qiz esa sendan hafa boʻlish oʻrniga so'zlaringni jon qulogʻim bilan tinglardim...Chunki meni tushun ishingni bilganman. Oʻqishga kirolmaganingni eshitganimda, oʻzingdan eshitmagunimcha quloqlarimga ishonmagan edim. Hanuzgacha oʻzimni jazolayman, shuning uchun. Nega deysanmi? Chunki senga aytadigan juda koʻp gaplarim bor, seni ham menga aytadiganlaring bor.

        Sen men uchun doimo qaygʻurarding. Men sen kabi haqiqiy, kuchli doʻst bo'lishga intilardim. Hozir yana oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun tayyorlanyapsan, "men bechora talaba" ning esa senga ajratadigan vaqti yoʻq goʻyo!

        Xa,oʻqishga kirish oson emas, biroq oʻqish ham oson emas-da. Ayniqsa, mendek oʻz dunyosini yaxshi ko'radigan qiz uchun... Axir hamma ham sen kabi boshqalarni oʻzidek ko'ra olarmidi! Axir hamma ham sendek chin do'st bo'la olarmidi?! Mana yana bir imtihon oldidasan, men va mening injiqliklarimsiz. Lekin shu paytda ham mendek doʻsting borligidan faxrlanishingni aytding...

        Boʻldi! Sening yoningga qalbing oynasidagi gʻuborlarni artib, unda oʻzimni krish uchun boryapman, ey doʻst!

        Sen menga aytgan soʻzdan hayratdaman, men hozirgina  oldingga kelmapman...Oʻzing aytgandek "hamisha yoningda bo'lgan ekanman!!!"

OʻzJOKU talabasi Oysanam GʻULOMJONOVA "Talaba kundaligidan" turkumi

Bo'lishmoq: