Assalomu alaykum aziz yoshlar, qadrli kelajagimiz egalari!
Mendan ko‘p so‘rashadi kuch g‘ayrat, bajarayotgan ishlaringizda shuncha motivatsiyani qayerdan olasiz deb, aslida mening motivatsiyam talabalarim, shogirdlarim ya’ni siz yoshlardir! Men sizlarga qarab turib ilhom, shijoat olaman. Chunki, aynan yoshlarda davrning ruhi, kayfiyati, zafarlari, ijobiy va hatto salbiy jihatlari ham aks etib turadi. Ularning fikrlari o‘zgacha, hayollari, orzulari biznikiga o‘xshamaydi. Ayniqsa ko‘zlari yonib turadi, yoshlik olovi bilan!
Bugun barcha sizning o‘rningizda bo‘lishni istaydi, chunki yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar talaygina. Ulardan foydalanish, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish, orzulari ro‘yobi yo‘lida tinmay harakat qilish uchun kuch-quvvat va eng muhimi sharoit Sizlarda bor!
Vatanga nimadir berish, uni bugunidan ham chiroyli, ertasini esa yanada farovon qilish bugun sizning chekingizga tushmoqda. Chunki mamlakat rahbari bugun shu qadar katta tezlik bilan oldinga yurmoqdaki, unga siz kabi yangicha fikrlaydigan, kuch va shijoatga to‘la insonlargina yeta oladi. Sizga tajribalarimdan kelib chiqib aytamanki, hayotda muhim qarorlardan qo`rqmang, yangiliklarga ochiq bo‘ling, kreativ va zamonaviy o‘y fikrlar, g‘oyalar bilan yashang, yoning, yashagan umringiz ortga boqqanda achinmaydigan darajada mazmunli va go‘zal bo‘lsin. Siz buni uddalay olasiz, shunga doim ishoning va harakatdan aslo to‘xtamang!
Bugungi bayram “Yoshlar kuni” bilan barchangizni chin dildan qutlayman, sog‘ va omon bo‘ling!