02.11.2020 903

O‘zJOKUda navbatdagi ilmiy kengash bo‘lib o‘tdi. Unda...

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida yana bir quvonchli kun. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Kengashining 3-son majlisida bir qator masalalar ko‘rib chiqildi, va shu bilan birga universitetimizda faoliyat yuritib kelayotgan bir necha o‘qituvchilar faxriy unvonlarga sazovor bo‘lishdi.
Jumladan, taniqli o‘zbek hajvchi yozuvchisi, masalnavis shoir va olim, filologiya fanlari doktori Muxtor Xudoyqulov "Professor" ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi va professorlik diplomi universitet ilmiy kengashida rektor Sherzodxon Qudratxodjayev tomonidan topshirildi.
 
Agar yodingizda bo‘lsa, 5 oy avval Muxtor Xudoyqulov 1-darajali "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan edi. O‘zining samarali mehnati natijasida mana ko‘p vaqt o‘tmay, Muxtor Xudoyqulov yana bir yuksak e‘tirofga sazovor bo‘ldi.
O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxodjayev ustozni chin dildan tabriklab, sihat-salomatlik tiladi, va oldinda hali ko‘p yutuqlar kutib turganini, buning uchun esa mehnat qilishda to‘xtamasliklarini aytib o‘tdi.
"Men yangi davrga mos universitetda dars o‘tishdan faxrlanaman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", - dedi professor Muxtor Xudoyqulov.
Qolaversa, universitetimizning yana bir o‘qituvchisi Madina Nuriddinova falsafa doktori (PhD) ilmiy darajaga ega bo‘ldi. Buning tagida ko‘p yillik mehnat yotibdi. O‘zJOKU bunday professor-o‘qituvchilari borligidan faxrlanadi va yutuqlar soni ko‘payishiga hamisha tilakdosh.
O‘zJOKUning yana bir hurmatli xodimi, barcha talabalarning sevimli ustozi Galina Arsenyevnaning tavallud ayyomi munosabati bilan universitet rahbariyati va barcha professor-o‘qituvchilar tabrikladi. Ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik va barcha ezgu-niyatlarni amalga oshishini tilab tilaklar bildirishdi.
 
Bo'lishmoq: